Yagona aloqa raqami (+998) 71 2000036; Ishonch telefoni (+998) 71 2335623

Rossiya Fanlar Akademiyasining A.Yu.Ishlinskiy nomidagi Mexanika muammolari instituti bosh ilmiy xodimi, professor S.V. Kuznesovning ilmiy ma'ruzasi

2023 yil 28 aprel kuni M.T.O‘rozboev nomidagi Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi institutida seysmik mustahkamlik sohasidagi yetakchi olim ishtirokida ilmiy seminar bo‘lib o‘tdi. Seminarda Rossiya Fanlar Akademiyasining A.Yu.Ishlinskiy nomidagi Mexanika muammolari instituti bosh ilmiy xodimi fizika-matematika fanlari doktori, professor Sergey Vladimirovich Kuznesovning ko‘p yillik ilmiy natijalariga asoslangan «2023 yil 6 fevraldagi Turkiya va Suriyadagi halokatli zilzila. Sabablari, matematik modellar va seysmik himoya tizimlari» mavzusidagi ilmiy ma'ruza qildi.

  

Professor S.V. Kuznesov ma'ruzasi davomida Turkiyada bo‘lib o‘tgan zilzila oqibatlarining tahlili asosida olingan xulosalar, shikastlangan binolarning buzilish sabablarini o‘rganish natijalari keltirib o‘tdi. Kelgusida bunday halokatli zilzilalarda shikastlanishlarni oldini olish bo‘yicha seysmik baryerlarni o‘rnatish samarasi, sirt to‘lqinlar kuchini kamaytirish bo‘yicha bajarilgan ilmiy-tadqiqot ishlari natijalarini, seysmik to‘lqinlarni so‘ndiruvchi metamateriallarni qo‘llash bo‘yicha tavsiyalar to‘g‘risida to‘xtalib o‘tdi.

  

Ma'ruzadan so‘ng seminar ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar. Bundan tashqari S.V. Kuznesov bilan bino va inshootlarning seysmik xavfsizligini ta'minlash borasida hamkorlikda ilmiy tadqiqot ishlarini olib borishga kelishib olindi.

  

Ushbu tadqiqot yo‘nalishi O‘zbekiston Respublikasi uchun ham juda dolzarb masala hisoblanib, bino va inshootlarning seysmik himoya chora tadbirlari kelgusida bo‘lishi mumkin bo‘lgan zilzilalarning halokatli zararini kamaytirishga xizmat qiladi.


×